TEATRGA TASHRIF BUYURISH QOIDALARI MUNDARIJA: 1. Kichik yoshdagi bolalar uchun teatrda o‘zini tutish qoidalari. 2. Maktabgacha yoshdagi bolalar va o‘quvchilar uchun teatrda o‘zini tutish qoidalari. 3. Teatrda nimalar qilish mumkin emas? 1. Kichik yoshdagi bolalar uchun teatrda o‘zini tutish qoidalari Ayrim bolalar spektakllari juda kichik tomoshabinlar uchun ham mo‘ljallangan bo‘lib, ularga uch yoshdan boshlab tashrif buyurish mumkin. Kichkintoylar atrofdagi olamni qiziqish bilan o‘rganadilar. Yorqin liboslar, quvnoq qo‘shiqlar va qiziqarli sahna ko‘rinishlari esa ularni o‘ziga tortadi. Kichik yoshdagi bolalar uchun teatrda o‘zini tutish qoidalari, avvalo, ularning ota-onalariga taalluqli. Farzandi bilan bolalar spektakliga borayotgan ota-onalar bir nechta oddiy qoidalarni oldindan bilib olishlari lozim. Bolani bo‘lajak madaniy tadbirga albatta tayyorlab qo‘yish kerak. Unga teatr nima ekanini, qayerga va nima uchun borayotganingizni tushuntiring. Bola hali teatr haqida aniq tasavvurga ega bo‘lmasa ham, uning xayolida bu qiziqarli va sehrli olam haqida ilk tasavvurlar shakllana boshlaydi. Chipta xarid qilishda bolaning kun tartibini ham hisobga olish muhim. Agar spektakl uning odatdagi uyqu vaqtiga to‘g‘ri kelsa, tomosha bolaga zavq bag‘ishlamasligi mumkin. Aksincha, u charchab, injiqlik qilishi yoki yig‘lashi ehtimoli bor. Teatrga kirgach, ustki kiyimlarni garderobga topshirgan ma’qul. Shu bilan birga, tomosha davomida kerak bo‘lib qolishi mumkin bo‘lgan nam salfetka yoki bir shisha suv kabi mayda narsalarni yoningizda qoldirishni unutmang. Kichik bolalarning xatti-harakatini oldindan bilib bo‘lmaydi. U sahnadagi biror ertak qahramonini ko‘rib qo‘rqib ketishi yoki yig‘lab yuborishi mumkin. Bunday vaziyatda bolani uzoq vaqt tinchlantirishga urinib, aktyorlar va boshqa tomoshabinlarga xalaqit bermagan ma’qul. Yaxshisi, tomosha zalidan chiqib, bolani tinchlantiring. Agar u hali bunday tadbirlarga tayyor bo‘lmasa, teatrga tashrifni biroz keyinga qoldirish mumkin. 2. Maktabgacha yoshdagi bolalar va o‘quvchilar uchun teatrda o‘zini tutish qoidalari Maktabgacha yoshdagi, atrofdagi voqealarni yaxshi tushuna boshlagan bolalarga odob-axloq qoidalarini o‘rgatish va teatrda o‘zini qanday tutish kerakligini tushuntirish ayniqsa muhim. 3–6 yoshdagi bolalar odatda spektaklga ota-onasisiz bormaydi. Shu sababli ularning yonida har doim xatti-harakatini nazorat qilishi yoki kerak bo‘lganda tanbeh berishi mumkin bo‘lgan kattalar bo‘ladi. Maktab yoshidagi bolalar esa teatrga sinfdoshlari va o‘qituvchisi bilan yoki do‘stlari bilan borishlari mumkin. Ammo bola teatrga tengdoshlari bilan yoki kattalar bilan borishidan qat’i nazar, o‘zini odobli tutishi kerak. Madaniy tadbirlarga munosib kiyimda borish lozim. Klassik uslubdagi kiyimlarni tanlagan ma’qul. Kiyimlar toza va dazmollangan bo‘lishi kerak. Teatrga sport kiyimi yoki sport oyoq kiyimida borish odobdan hisoblanmaydi. Teatrga oldindan kelish kerak. Yo‘lda kutilmagan holatlar sabab kechikib qolmaslik uchun uydan kamida yarim soat vaqt zaxirasi bilan chiqish tavsiya etiladi.Agar spektaklga kechikib qolsangiz, tomosha boshlanganidan keyin o‘z joyingizga borib, boshqa tomoshabinlarga xalaqit bermang. Zal xodimlarining ko‘rsatmalariga amal qilib, chiqish eshigiga yaqin bo‘sh joylardan biriga vaqtincha o‘tirgan ma’qul. Teatr binosiga kirgach, ustki kiyimni garderobga topshirish kerak. Agar spektakl boshlanishidan oldin o‘z joyingizga o‘tishingiz yoki aksincha, qatordan chiqishingiz kerak bo‘lsa, o‘tirgan tomoshabinlardan muloyimlik bilan yo‘l berishlarini so‘rang. Ular o‘rnidan turgach, ularning yonidan ehtiyotkorlik bilan, yuzingizni ularga qaratgan holda o‘ting. Tomoshabinlarga orqa o‘girib o‘tish odobdan emas. 3. Teatrda nimalar qilish mumkin emas? Teatrda yugurish va sakrash mumkin emas. Tomosha zaliga ovqat olib kirish ham tavsiya etilmaydi. Teatr kinoteatr emas. Agar qoringiz ochsa, tamaddi qilish uchun antraktni yoki spektakl tugashini kutgan ma’qul. Spektakl davomida telefondan foydalanish mumkin emas. Tomosha boshlanishidan oldin telefonni albatta ovozsiz rejimga o‘tkazing yoki butunlay o‘chirib qo‘ying. Telefonning kutilmaganda jiringlashi tomoshabinlar va aktyorlarni chalg‘itadi va noqulay vaziyatga sabab bo‘lishi mumkin. Tomosha vaqtida gaplashish ham mumkin emas. Spektakl haqidagi taassurotlaringizni tomosha tugagach bemalol bo‘lishishingiz mumkin. Ortiqcha shovqin va suhbatlar aktyorlarning ham, boshqa tomoshabinlarning ham diqqatini chalg‘itadi. Ushbu eslatma teatr odob-axloq qoidalarini yodda tutishga va har doim xushmuomala bo‘lishga yordam beradi. Teatrga borar ekansiz, san’at va madaniyat olamiga qadam qo‘yasiz. Shuning uchun bolalarga yoshligidan odob-axloq qoidalarini va boshqalarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni o‘rgatish muhim. Farzandingiz bilan teatr tomoshalariga tashrif buyurib, unda go‘zallikni his etish va san’atni qadrlash didini shakllantirasiz. Atrofdagilar bilan muomala qilganda xushmuomala va e’tiborli bo‘ling. Shunda farzandingiz ham sizdan o‘rnak oladi.